Nazariy va qurilish mexanikasi
“Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi mudiri,
texnika fanlari doktori, professor, O‘z R FA akademigi
Mirsaidov Mirziyod
Теl.: +99871-237-09-81
Email: m.mirsaidov@tiiame.uz
Institutning "Qurilish mexanikasi" kafedrasi 1920 yilda tashkil topgan. Bu kafedraga 2004 yilda «Nazariy mexanika» kafedrasi qo‘shib berilgan bo‘lib, shundan beri kafedra «Nazariy va qurilish mexanikasi» deb nomlanib kelmoqda. «Qurilish mexanikasi» kafedrasi tashkil topganidan keyin bu kafedrada qishloq va suv xo‘jaligi injenerlari uchun 3 ta fandan (ya’ni materiallar qarshiligi, qurilish mexanikasi va elastiklik nazariyasi) fanlaridan dars olib borilgan. Qurilish mexanikasi kafedrasiga birinchi bo‘lib, ko‘priklar qurilishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis, 1911 yilda Peterburgdagi temir yo‘llar institutini tugatgan, temir yo‘l muhandisi Juval Kazimir Fransevich mudirlik qilgan. Juval Kazimir Fransevich chuqur bilimga va boy tajribaga ega bo‘lib, materiallar qarshiligi va qurilish mexanikasi fanlaridan mukammal ma’ruzalar o‘qigan. Unga 1933 yilda professor unvoni berilgan. 1924-1932 yillarda ishlab chiqarishda qurilish mexanikasi va temir beton konstruksiyalari bo‘yicha boy tajriba orttirgan, Leningradning temir yo‘llar institutini 1924 yilda tugatgan yosh mutaxassis Semyon Makarovich Suxanov boshqargan. U kishi ochiq ko‘ngilligi tufayli talabalar bilan tez til topishib, o‘qigan ma’ruzalarini tushunarli va qiziqarli o‘tar edi. Uni tanigan odamlar va shogirdlari hozirgacha S. M. Suxanovni o‘zlarining sevimli ustozi va yaqin do‘sti sifatida eslaydilar. 1932-1946 yillarda temir yo‘l qurilishi muhandisi Konstantin Trofimovich Venediktov "Qurilish mexanikasi" kafedrasiga mudirlik qilgan. Uning o‘qituvchilik faoliyati 1932 yilda O‘rta Osiyo sanoat institutida «Qurilish mexanikasi» fanidan dars berishdan boshlangan bo‘lib, keyinchalik esa Toshkent irrigatsiya institutida "Qurilish mexanikasi» kafedrasini boshqargan. U kishi 1948 yilda texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. K.T. Venediktov professor S. M. Suxanovning pedagogik an’analarini davom ettirib, uning o‘qigan ma’ruzalari ham o‘zining tushunarliligi, mantiqliligi va aniqliligi bilan ajralib turgan. 1959-1976 yillarda dotsent Ivan Ignatevich Gribanov kafedraning to‘rtinchi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Uning rahbarligida "Qurilish mexanikasi" kafedrasi o‘z taraqqiyotini davom ettirdi. Bu davrda o‘qituvchilar soni ortib, ish sifati yaxshilandi, darslar mazmuni ancha chuqurlashgan. Ivan Ignatevich kafedra qoshida materialarni sinash laboratoriyasini tashkil etishga ko‘p kuch sarfladi. U kishining g‘ayrati tufayli kafedra jamoasining ilmiy ishlari jonlangan va o‘quv jarayoni yaxshilangan.
1976-1980 yillarda kafedraga dotsent Vladimir Nikolaevich Frolov mudirlik qilgan. U 1958 yili Toshkent temir yo‘l transporti institutini tamomlab, ishlab chiqarishda ancha amaliy tajriba orttirgan injener edi. U 1961 yilda kafedraga assistent lavozimiga ishga kelgan. Tez orada I.I.Gribanov boshchiligida ilmiy ish boshlab, 1968 yilda texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga erishgan. 1980-1991 yillarda dotsent Abdulla Ostonovich Qurbonov kafedraga mudirlik qilgan. U 1970 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining Gidromelioratsiya fakultetini tugatib, kafedrada assistent lavozimida ishga qoldirilgan. 1973-1975 yillarda Sobiq Ittifoq "VODGEO"- Butunittifoq ilmiy tekshirish institutining "Gidrotexnika inshootlari" laboratoriyasida aspiranturani o‘tagan. A. O. Qurbonov kafedraning metodik ishlarini, xodimlarning ish sharoitini yaxshilash yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirgan. “Nazariy mexanika” kafedrasi esa institutda 1946 yilda tashkil qilingan bo‘lib, bu kafedraga 1949 yilgacha dos. N.A.Salarov, 1949-1968 yillarda M.G.Klebanskiy, 1968-1978 yillarda dotsent D.G.Mavlonova, 1978-1989 yillarda dotsent L.I.Tolipova, U.Mambetov, 1989 - 1997 yillarda esa professor Q.Latipov va 1997-2000 yillarda professor G‘.Sh.Zokirovlar rahbarlik qilishgan. 2000-2004 yillarda «Nazariy mexanikasi» kafedrasiga dotsent Q.Xusanov mudirlik qilgan. 1991 yilda "Qurilish mexanikasi" kafedrasiga texnika fanlari doktori, professor Mirsaidov Mirziyod Mirsaidovich mudir etib saylanib, to hozirgi kungacha «Nazariy va qurilish mexanikasi» kafedrasiga mudirlik qilib kelmoqda.
M.Mirsaidov 1971 yilda Toshkent politexnika institutini injener-mexanik ixtisosligi, 1986 yilda Toshkent Davlat universitetini matematika ixtisosligi bo‘yicha tugatgan. 1971 yilda o‘zining mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida muhandislik lavozimidan boshlab, laboratoriya mudiri lavozimigacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan. 1973-1976 yillarda Moskva elektron mashinasozlik institutining «Mexanika» kafedrasida aspriranturada o‘qib, shu institut qoshidagi Ilmiy kengashda 1976 yilda “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” ixtisosligi bo‘yicha fizika-matematika fanlari bo‘yicha ilmiy daraja olishi uchun nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1986 yilda shu ixtisoslik bo‘yicha Sobik Ittifoq fanlari Akademiyasining Sibir bo‘limi (Novosibirsk sh.) Prezidiumi qoshidagi Ilmiy Kengashda texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1991 yilda professor unvonini olgan. M.Mirsaidov 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi FA akademigi etib saylangan. M.Mirsaidov “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” va “Inshootlar dinamikasi” sohalarining nazariyasi va amaliyotiga salmoqli hissa qo‘shgan o‘z ilmiy maktabiga ega bo‘lgan taniqli olimlardan biri hisoblanadi. M.Mirsaidov va shogirdlari tomonidan ”Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” va “Gidrotexnika inshootlar dinamikasi” yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar, ishlab chiqilgan nazariya va uslublar mexanika fanida katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘p istiqbolli yangi ilmiy yo‘nalishlarning asosini tashkil qiladi.
M.Mirsaidovning ilmiy rahbarligida 14 ta fan nomzodi, 3 ta fan doktori tayyorlangan va ular hozirgi kunda Respublikamizning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. «Nazariy va qurilish mexanikasi» kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan davlat byudjeti va grantlar asosida (fundamental tadqiqotlar: № KX-4FT-02- 2007-2011 yy.; № KXF-4-001-2012-2016 yy.; amaliy tadqiqotlar: №A-5-098-2006-2008 yy.; № XA-15-033-2009-2011 yy.; XA-3-008-2015 - 2015-2017 yy., KX-A-KX-2018-294-2018-2020 yy.) buyicha doimiy ravishda ilmiy ishlar bajarilib kelinmokda. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab kafedra qoshida “Mexanika va matematik modellashtirish” bakalavriatura yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash boshlandi. Kafedraning shu darajaga yetishida, ya’ni mustaqil Respublikamiz uchun yetuk injener, bakalavr va magistr kadrlarni tayyorlashda kafedrada uzoq vaqtlar davomida quyidagi o‘qituvchilar, ya’ni professor V.N.Punagin va dotsentlar A.M.Godovannikov, V.N.Frolov, K.Yu.Yusupov, V.N.Manin, D.G.Mavlonova, L.I.Boymurodova, M.Karimova, B. Atajanov, I.Shulgina, N.V.Xasanovalar, katta o‘qituvchilar A.A.Tolkodubova, L.I.Osipova, L.X. Mamasheva, F.M.Gaynulina, N.P. Kuzmina, K.I.Malыshev, G.V.Broun, M.R. Mansurova, F.Ziyaevlar va assistentlar T. P. Kotova, I.A.Shal fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilishganini alohida ta’kidlab o‘tishni lozim deb hisoblaymiz. Hozirgi kunda kafedrada t.f.d., prof. T.M.Mavlonov, t.f.d., prof T.Z.Sultanov, f.-m.f.d., prof. K.S.Sultanov, t.f.d., prof. A.A.Abduvaliev, f.-m.f.n, dos. Q.Xusanov, PhD, dos.B.Sh.Yuldoshev, t.f.n., dos. Sh.Xudoynazarov, f.-m.f.n., dos. A.N.Ishmatov, f.-m.f.n., dos. S.Abdukadirov, k.o‘q. B.Urinov, k.o‘q. E.Toshmatov, ass. A.No‘monov, ass. Q.To‘rajonov, ass. S.Xamidov, ass. I.Hazratqulovlar bakalavr va magistrlarni tayyorlashda faol mehnat qilib kelishmoqda. Kafedra xodimlari tomonidan oxirgi yillarda 150 dan ortiq ilmiy ishlar, shulardan 7 tasi monografiya, 15 tasi darslik va o‘quv qo‘llanmalar hamda 25 tadan ko‘proq avtorlik guvohnomalari olingan. Chop qilingan darslik va o‘quv qo‘llanmalarning 6 tasi Qozog‘iston Respublikasida qozoq tiliga tarjima qilingan. Olib borilgan ilmiy ish natijalari bo‘yicha oxirgi 5 yilda 25 dan ortiq ilmiy maqolalar chet ellarda (AQSh, Yaponiya, Singapur, Italiya, Avstriya, Vetnam, Braziliya, Portugaliya, Xorvatiya, Serbiya, Rossiya, Ukraina davlatlarida) impakt faktorlik jurnallarda va Skopus ro‘yxatiga kirgan konferensiya materiallarida ingliz tilida chop qilingan. Ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar chop qilingan darslik va o‘quv qo‘llanmalarga kiritilgan. 2011 yilda chop qilingan “Materiallar qarshiligi” fanidan darslik, 2012 yilda chop qilingan “Nazariy mexanika” fanidan o‘quv qo‘llanma va 2014 yilda chop qilingan “Inshootlar zilzilabardoshligi” fanidan o‘quv qo‘llanmalari Respublikamizda eng yaxshi darslik va o‘quv qo‘llanma deb tan olingan.
Gidrotexnika qurilishi fakulteti O'qitiladigan fanlar Ilmiy ishlar Tadqiqotchilar Hamkorlar Kafedra xodimlari To'garaklar Dars jadvali Aloqalar