Ilmiy ishlar
Hozirgi kunda "Mexanika va komp’yuterli modellashtirish" kafedrasiga texnika fanlari doktori, professor Mirsaidov Mirziyod Mirsaidovich mudirlik qilib kelmoqda. M.Mirsaidov 1971 yilda Toshkent politexnika institutini injener-mexanik ixtisosligi, 1986 yilda Toshkent Davlat universitetini matematika ixtisosligi bo‘yicha tugatgan. 1973-1976 yillarda Moskva elektron mashinasozlik institutining «Mexanika» kafedrasida aspriranturada o‘qib, shu institut qoshidagi Ilmiy kengashda 1976 yilda “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” ixtisosligi bo‘yicha fizika-matematika fanlari bo‘yicha fan nomzodi ilmiy darajasini olishi uchun nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1986 yilda shu ixtisoslik bo‘yicha Sobik Ittifoq fanlari Akademiyasining Sibirь bo‘limi (Novosibirsk sh.) Prezidiumi qoshidagi Ilmiy Kengashda shu ixtisoslik buyicha texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. M.Mirsaidov 1991 yilda professor unvonini olgan, 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi FA akademigi etib saylangan. M.Mirsaidov “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” va “Inshootlar dinamikasi” sohalarining nazariyasi va amaliyotiga salmoqli hissa qo‘shgan o‘z ilmiy maktabiga ega bo‘lgan taniqli olimlardan biri hisoblanadi. M.Mirsaidov va shogirdlari tomonidan ”Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” va “Gidrotexnika inshootlar dinamikasi” yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar, ishlab chiqilgan nazariya va uslublar mexanika fanida katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘p istiqbolli yangi ilmiy yo‘nalishlarning asosini tashkil qiladi. M.Mirsaidovning ilmiy rahbarligida 17 ta fan nomzodi, 4 ta fan doktori tayyorlangan va ular hozirgi kunda Respublikamizning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. Shu bilan birga M.Mirsaidov o‘z shogirdlari bilan birga 7 ta monografiya, 17 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 400 dan ortiq maqolalar chop qilib 40 dan ortiq avtorlik guvohnomalarining muallifi xisoblanadi. Kafedrada olib borilgan ilmiy ish natijalari bo‘yicha 40 dan ortiq ilmiy maqolalar chet ellarda (AQSh, Yaponiya, Singapur, Italiya, Avstriya, Vьetnam, Braziliya, Portugaliya, Xorvatiya, Serbiya, Rossiya, Ukraina davlatlarida) impakt faktori yuqori bo‘lgan jurnallarda, Scopus bazasi ro‘yxatiga kirgan konferentsiya materiallarida ingliz tilida chop qilingan. Chop qilingan darslik va o‘quv qo‘llanmalarning 3 tasi har xil yillarda Respublikada “Eng yaxshi darslik”, “Eng yaxshi o‘quv qo‘llanma” deb tan olingan. 6 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar Qozog‘iston Respublikasida qozoq tiliga tarjima qilingan. Hozirgi kunda kafedrada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizlikni ta'minlash sohasini qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan, 2022-2023 yilllarda bajarilishi belgilangan №29/2022-sonli “Gruntli to‘g‘onlarning zilzilabardoshligini to‘g‘on tanasi bo‘yicha tarqaladigan noturg‘un filьtratsiya jarayonini hisobga olgan holda baholash” mavzusidagi amaliy, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuzilgan, 2021-2026 yilarda bajarilishi belgilangan №FZ-20200929327-sonli “Gruntning namlanganlik va chiziqsiz filьtratsiyani hisobga olgan holda gruntli to‘g‘onlarning mustahkamlik ishonchliligini baholash nazariyasi va usulini ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental grant loyihalar buyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmokda. 2021 yilda kafedraning 2 ta o‘qituvchisi J.Yarashev va E.Toshmatovlar PhD ilmiy darajasini olish uchun o‘z dissertatsiyalarini himoya qilishdi. Hozirgi kunda kafedra qoshida 4 nafar tayanch doktorantlar (Q.Turajonov, S.Xamidov, A. Nu'monov, I. Hazratqulovlar) PhD dissertatsiyalari ustida ilmiy ish olib borishmoqdalar.