Samarqandga sayr-u sayohat

“Gidrotexnika qurilishi” fakulteti 2 - bosqich 6 - guruh talabalari va guruh murabbiyi “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi katta oʻqituvchisi E.Toshmatov rahbarligida jannatmakon yurtimizning Samarqand shahriga sayohat qilishdi. Yurtimizdagi boy tarix va madaniyatga ega shaharlar orasida Samarqandning alohida oʻrni bor. Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri tarixiy obidalari bilan ajralib turadi. Institutimiz talabalari Registon majmuasi, Goʻri Amir maqbarasi va Shoxi Zinda majmuasida boʻlib, mashhur meʼmoriy obidalar bilan tanishdilar.

Qadimiy Samarqandga tashrif buyuruvchi koʻplab sayyohlar Goʻri Amir maqbarasini jahonga mashhur va Oʻrta Osiyo meʼmorchiligining noyob asari sifatida eʼtirof etadilar. Maqbaraga temuriylar oilasi va sulolaning merosxoʻrlari dafn etilgan. Shuningdek, dovrugʻ qozongan Shohi Zinda majmuasi Samarqandning janubiy qismida joylashgan boʻlib, sharq musulmonlarining muqaddas ziyoratgohlaridan biri hisoblanadi. Registon maydonidagi Ulugʻbek, Sherdor va Tilla-Kori madrasalarining noyob binolari shahar goʻzalligiga koʻrk qoʻshish bilan ajralib turadi. Bu va boshqa koʻplab inshootlar jahon meʼmorchiligining noyob durdonalari tarixida munosib oʻrin egallaydi.

Samarqand zaminiga qadam bosgan inson, avvalo, oʻzida ruhiy tetiklikni his etadi. Azim shaharning musaffo havosi va zilol suvi esa tasvirlab boʻlmas quvvat bagʻishlaydi. Basharti, bu taʼrif-u tavsiflar shunchaki emas, balki ularning zamirida ayni haqiqat yotibdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, koʻhna Samarqand ne-ne avliyolar, buyuk allomalar va ulugʻ zotlar abadiy qoʻnim topgan muqaddas zamin hisoblanadi. Toshkent shahridan tashrif buyurib, ushbu muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish albatta, insonga tetiklik va ruhiy zavq bagʻishlaydi. Samarqandga qilgan safarimiz talabalarimizda unutilmas taassurot qoldirdi.

“Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi katta oʻqituvchisi E.Toshmatov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov