Bobur badiiyati

Ma’lumki, fevral oyi bu chinakam ma’noda go‘zal va g‘azal oyidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki dunyo badiiy adabiyotida ikkita gigant siymo hazrat Navoiy va Boburning tavalludlari munosabati bilan she’rxonlik kechalari tashkil etilishi har yili an’ana tusini olgan. 
O‘tgan hafta butun Respublikamiz bo‘yicha navoiyxonlik tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lsa, ayni kunlarda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘liq ma’rifiy kechalar tashkil etilmoqda. 
Xuddi shu maqsadda institutimizning 2-TTJda “Boburning bebaho badiiyati” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. Unda filologiya fanlari nomzodi Rahimboy Djumaniyazovning mazmundor suhbati va “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasining iqtidorli tinglovchilaridan Shuhrat Islomovning chiqishi talabalarda so‘z san’atiga zavq uyg‘otdi.
Tadbirda GIM fakulteti ma’naviyat va ma’rifat ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Ortiq Ro‘ziboyev, 2-TTJ tarbiyachi pedagogi, psixolog Dilorom Sa’dullayeva, GTQ fakulteti ma’naviyat va ma’rifat ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Azim Azimov, GIM fakulteti “Gumanitar fanlar” kafedrasi assistenti Bahriddin Muqimovlar ishtirok etishdi.

 

O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti tarixida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkardalik faoliyati bilan alohida ajralib turgan siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. 
Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, «Mubayyin» («Bayon etilgan»), «Xatti Boburiy», «Harb ishi», Aruz haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Bobur hayoti va ijodiyoti bo‘yicha viktorina savollariga javob berib turli xil kitoblarni yutib olgan talabalardan Abduraimov Abdunabi, G‘aybulloyev Boburjon, Tolibov Avazlar barchaga o‘rnak bo‘lishdi.

“GIM” fakulteti “Gumanitar fanlar” kafedrasi assistenti Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov