Yutuqlar intilish va izlanishlar hosilasi

Davr muammolariga faol munosabatda bo‘lish va voqelikka aql hamda bilim ko‘zi bilan qarash tom ma’noda talabalarga ham xos ekanini e’tirof etish o‘rinlidir. Chunki, intilish va izlanish keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Talabalik davrida tashlangan qadam uning keyingi faoliyatiga asos bo‘lishi aniq. Har bir zamon o‘z muammolari bilan insoniyat oldida ko‘ndalang turadi.

Shunday ekan, bugungi kunning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Ularga o‘z faoliyati va qarashi bilan kurasha olish fidoyilik va zamon bilan hamnafaslikdir. Odam savdosi va korrupsiya ham ana shunday zararli va zaharli illatlardandir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan turli dolzarb mavzulardagi tanlovlar shu jihatdan e’tiborga molik. Yaqinda tashkil etilgan tanlovlardan birining g‘oliblari sifatida institutimiz talabalarining muvaffaqiyati bizning ham yutug‘imizdir. Ular yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yaxshi o‘zlashtirganini hamda davr muammolariga, voqelikka faol munosabatda ekanini to‘la namoyish etishdi.

Xuddi shu ma’noda, “Gidrotexnika qurilishi” fakultetining talabasi Uralova Dilroz Zanil qizi “Biz korrupsiyasiga qarshimiz” mavzusida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi bo‘yicha masofaviy respublika tanlovida 2 – darajali diplom bilan hamda “Yer resurslarini boshqarish” fakultetining talabasi Abdumuminova Dilnoza Akromjon qizi “Odam savdosi – davr muammosi” mavzusida o‘tkazilgan “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi bo‘yicha masofaviy respublika tanlovining 3 – darajali diplomi bilan taqdirlandilar. Ana shunday shiddat va izlanish, muammolarga oqilona va xolisona yondashish zavqini barcha talaba va magistrantlarimizga tilab qolamiz!