Hayot va nafosat timsollari

Bu qutlugʻ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va moʻtabar Ona siymosiga taʼzim qilamiz. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev eʼtirof etganlaridek, ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos boʻlib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk sanʼat asarlari, qoʻshiq va qasidalar, meʼmoriy obidalar ayollar shaʼniga bagʻishlangandir.  Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Oʻnlab opa-singillarimiz “Oʻzbekiston Qahramoni”, “Oʻzbekiston fan arbobi”, “Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi”, “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Oʻzbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor boʻlgani ham quvonarlidir.  Muhtaram yurtboshimiz tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish boʻyicha  oxirgi olti yillikda 30 ga yaqin meʼyoriy hujjatlar qabul qilingani, “Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli boʻlgan mehribon va moʻtabar ayollarga bitta yaxshilik qilsak, ishoninglar, bu oʻzimizga oʻnta yaxshilik boʻlib qaytadi” - degan mulohazalari eʼtiborga molik. Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan oʻtkazilgan katta bayram tadbirida ham yuqoridagi fikrlarning tajassumini koʻrish mumkin. Bayram tadbirida universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar va universitet xotin-qizlari qatorida taklif etilgan mehmonlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Universitet rektori, professor Bahodir Mirzayev bayram tadbirini tabrik nutqi bilan ocha turib, Bosh vazir oʻrinbosari, Boshqaruv kengashi raisi Sardor Oʻktamovich Umurzakovning taʼlim muassasamiz xotin-qizlariga tabrigini ham yoʻlladi. Soʻngra universitetning ayol professor-oʻqituvchilari va xodimlarini bayram bilan muborakbod etdi. Tadbirda universitetning xotin-qizlar jamoasi jami 415 nafarni tashkil etishi, shundan 170 nafari professor-oʻqituvchilar hamda 245 nafari xodimlar ekani taʼkidlandi. Shuningdek, ularning orasida 11 nafar fan doktori va professor, 33 nafar fan nomzodi (PhD) va dotsentlarning borligi 11 nafar ayolning rahbarlik lavozimida faoliyat olib borayotgani alohida eʼtirof etildi. “Yosh olima” ayollar klubi bugungi kunda universitetning barcha fakultetlaridan ilmiy tadqiqot olib borayotgan va doimiy ravishda oʻz ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan faol ayol professor oʻqituvchilar, tayanch doktorantlarni oʻzida jamlagani, 11 ta (amaliy, innovatsion, fundamental) loyihalarda jami 35 nafar ayol professor-oʻqituvchilar, tayanch doktorantlar va magistr talabalar qatnashayotgani, har yili koʻplab ayol professor-oʻqituvchilarning ilmiy unvon va darajalarga erishganliklari jamoaning faxri va yutugʻi ekani taʼkidlandi.

Tadbirda eʼtiborni tortgan jihat shuki, universitet ayol professor-oʻqituvchilari tomonidan 200 ga yaqin chop etilgan darsliklar, oʻquv va uslubiy qoʻllanmalar, monografiyalar, ilmiy ishlanmalar koʻrgazmasi tashkil etilgani boʻldi. Bu albatta, xotin-qizlarimizning oliy taʼlim tizimida salohiyat jihatdan erkaklardan kam emasligining dalolatidir! Universitetda mehnat qilayotgan xotin-qizlar, jumladan professorlar, dotsentlar, fan doktorlari, fan nomzodlari (PhD), xodimlar toʻgʻrisida maʼlumotni oʻzida jamlagan kitob almanax yaratish boʻyicha ish boshlangani, yaqin kunlarda mazkur kitob universitetning barcha ayollari qoʻliga yetib borishi aytib oʻtildi. Soʻnggi yillarda oʻz halol mehnati, fan yoʻlidagi fidoiyligi, shogirdparvarligi bilan mamlakatimizning yuksak mukofotlari, jumladan, “Mehnat shuhrati” “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi”, “Suv xoʻjaligi aʼlochisi” koʻkrak nishonlariga loyiq topilgan universitet xotin-qizlari alohida eʼtirof etildi. Universitet professor-oʻqituvchilarining chiqishlari bayramni yanada jozibasini oshirgan boʻlsa, el suygan sanʼatkorlar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Oybek Hamroqulov, taniqli xonandalar Anvar Sobirov, Dildora Muhammedova hamda Oʻzbekiston davlat satira teatri rahbari, aktyor, taniqli hajv ustasi Tolibjon Hojiyevlarning chiqishlari tadbirni yanada boyitdi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda,  ayollarimizning baxti – xalqimiz va jamiyatimizning baxtidir. Tadbir mazmundor va maroqli tarzda kechdi.

                                Universitet matbuot xizmati