Savob – sahovatli javob

Ikki tushuncha odamzotning tirikligiga mezon. Biri taom bo‘lsa, ikkinchisi kalom. Bo‘sh qop tik turmaydi. Inson qaddini tik va qadrini baland tutishi uchun har ikkalasiga ham e’tiborli bo‘ladi. Shuning uchun ham hadisi sharifda “Badanning quvvati taom bilan, ruhning quvvati kalom bilan”, - deya bejiz aytilmagan. Saxovatpeshalik va muruvvatlilik azaliy va abadiy qadriyatlarimizning mezoni bo‘lib kelgani rost. Xalq uchun maktab va madrasalar, nashriyot va bosmaxonalar, ko‘prik va suv omborlari qurishga bosh-qosh bo‘lgan insonlar yurtimiz tarixida kam bo‘lgan emas. Shuning uchun ham saxovatli inson el-yurt uchun doim qadrdon bo‘lgan. Ular umrining mazmuni ham aslida, shunda. Bu ulug‘ va unutilmas haqiqat ekani ayon.

Ayni damlarda, davr talabi va taqozosi shundaki, oliy ta’lim tizimi bilan ishlab chiqarish sohalarining o‘zaro bog‘liqligini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy termin bilan aytganda, ularning o‘zaro integratsiyasi muhim masaladir.

Bugun, 2018 yil 27 oktyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining talabalar oshxonasida Qarshi magistral kanallar boshqarmasi homiyligida ta’lim olayotgan talabalar uchun osh dasturxoni tashkil etildi.

2014-2018 yillar davomida ushbu tashkilot tomonidan “Suv energiyasi va nasos stansiyalaridan foydalanish“ kafedrasining „Gidromashinalar“ laboratoriyasida talabalar tajriba mashg‘ulotlarida foydalanishlari uchun:

- “Qarshi nasos stansiyalari kaskadi“ning  namoyish sxemasi yirik planda o‘rnatildi.

- KMK NS-2 da o‘rnatilgan OPV11-260 rusumli nasosning harakatdagi nusxasi sovg‘a qilindi.

Tadbirda Qarshi magistral kanallar boshqarmasi boshlig‘i  Qurbonov Ilhom Uzoqovich qatnashib, talabalarni boshqarma faoliyati bilan tanishtirdi va ularga sharafli kasb  egasi  bo‘lib yetishishlarida ulkan zafarlar tiladi. 

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov