Ustoz o‘gitlari

Tajribali ustoz va murabbiylarning o‘git va  maslahatlari yosh avlod uchun doimiy ravishda muvaffaqiyatlar garovi bo‘lgan. Yangi o‘quv yili oldidan fan va ta’lim sohasida ulug‘ martabalarga erishgan ustozlar bilan uchrashuvlarning tashkil etilishi keksa avlodning kelajak avlod bilan bog‘liqligining yorqin ifodasi bo‘ladi.

TIQXMMI “Nazariy mexanika” kafedrasi mudiri akademik Mirziyod Mirsaidov 2018 yilning 12 sentyabr kuni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchilarini davlatimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi  bilan tabriklash yo‘sinida ma’rifiy muloqot o‘tkazdi. 2018-2019 o‘quv yilida litseyning 1 - kursiga barcha sinovlardan yaxshi muvaffaqiyatli o‘tgan  133 ta o‘quvchi va Respublika olimpiadasida g‘olib bo‘lgan 3 nafar(sinovlarsiz) yosh qabul qilingan. Muloqotda asosan litseyning 1-kursiga qabul qilingan o‘quvchilar, olimpiada sovrindorlari va litseyning faol  o‘qituvchilari qatnashdilar.

M. Mirsaidov ushbu litsey o‘quvchilarining Jahon olimpiadasida (Slovakiya va Chexiyada) 2 ta bronza va 52-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida (Minsk sh.) 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini olganliklari bilan tabrikladi. O‘quvchilarga  katta yutuqlar, omad, baxt-saodat tilab, ularga ham kelajakda davlatimiz bayrog‘ini yuqori arenalarda yanada baland ko‘tarishlarida  muvaffaqiyatlar tiladi.

M.Mirsaidov o‘z so‘zida bu litseyga nisbatan hurmati juda yuqori ekanligini aytib, keyingi 10 yilda bu litsey o‘quvchilari ximiya fani bo‘yicha Jahon olimpiadalarida 12 ta medalni (Respublikamizning qolgan barcha maktablarining shu davrda to‘plagan medallari 5 ta), Xalqaro Mendeleev olimpiadalarida esa 31 ta medalni ((Respublikamizning qolgan barcha maktablarining shu davrda to‘plagan medallari 32 ta) qo‘lga kiritganliklarini e’tirof etdilar.

Litsey o‘quvchilarining 10 yil ichida Xalqaro olimpiadalarda 5 ta oltin, 11 ta kumush, 27 ta bronza medallarini olib, Davlatimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarishga erishganlar. Shu bilan birga Xalqaro olimpiadalarda qatnashib 67 ta diplom va sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Bu xalqaro olimpiadalar AQSh, Turkiya, Koreya, Singapur, Eron, Daniya Shvesiya, Indoneziya, Vetnam, Tailand, Slovakiya, Chexiya, Rossiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan.

M.Mirsaidov o‘z so‘zlarida Prezidentimizning yoshlarga yaratayotgan sharoitlari va bu yoshlardan kelajakda Mirzo Ulug‘beklar, Al-Xorazmiylar, Beruniy va Abu Ali Ibn Sinoga o‘xshagan yetuk olimlar chiqishiga ishonib, kelajakda bu yoshlarimiz davlatimiz ustuni bo‘lajagini qayd etdi. Kelajakda yoshlardan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqishiga ham umid bog‘lamokda, shuning uchun yoshlarimiz Prezidentimizning ishonchini oqlashlari kerak deb ta’kidladi. Buni amalga oshirish  uchun yoshlarimiz tinmasdan mehnat qilib, yaxshi o‘qishlari  va har tomonlama yetuk bo‘lish uchun esa chet tillarini bilishi  va ko‘p kitoblarni o‘qishga harakat qilishlari kerak deb ta’kidladi. Yoshlarga yaratilayotgan sharoitning birinchi isboti sifatida  bu o‘quv yilida institutlarga  qabulning shaffof va ob’ektiv   o‘tganligini, ya’ni talanti bor, mehnatkash yoshlarimizning Oliy ta’lim dargohlarida  bilim olish sharoiti muhtaram Prezidentimiz tomonidan to‘liq yaratilayotganligini keltirish mumkin.

O‘quvchilar  tomonidan M.Mirsaidovga bir qancha savollar berildi. Kelajakda yirik olim bo‘lish uchun nima qilish kerakligi haqida, ustoz bu yutuqlarga qanday erishganliklari borasida tushuncha berib o‘tdilar. Uchrashuv  qiziqarli tarzda,  yuqori saviyada o‘tdi, o‘quvchilar ko‘tarinki ruh va katta ishonch bilan qabul qilishdi. Uchrashuv qatnashchilari Prezidentimizga yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari uchun o‘z minnatdorchiliklarini  bildirdilar.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov