Akademiklarning oʻquvchilar bilan uchrashuvi

Maʼlumki, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 2018 yilning 21 dekabr kuni yuqori sinf oʻquvchilarini Oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishdagi qiziqishini oshirish, kelgusida kasb tanlashda yanglishmasligini taʼminlash, Respublikamiz uchun yetuk mutaxassislar boʻlishi uchun nima qilish kerakligi haqida davra suhbatlari va uchrashuvlar oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar bergan edilar.

Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Toshkent Pediatriya instituti litseyida 2019 yilning 28-martida olimlar bilan litsey oʻquvchilarining “Navroʻz” bayrami arafasida uchrashuvi oʻtkazildi. Bu uchrashuvda Oʻz FA vitse-prezidenti, akademiklar B.T.Ibragimov, A,T.Jalilov, M.M.Mirsaidovlar, professorlar X. Kimsanboyev, B. Zaripov, J. Xusanovlar qatnashdilar. Uchrashuvni litsey direktori prof. O.E.Eshonqulov olib bordi. Bu uchrashuvda litsey oʻqituvchilari va 150 dan ortiq litseyning jahon olimpiada gʻoliblari va faol oʻquvchilari qatnashishdi.

Bu uchrashuvda TIQXMMIIning “Nazariy va qurilish mexanikasi” kafedrasi mudiri M.Mirsaidov ham qatnashib, kelgusida yoshlarimiz yetuk olim yoki boshqa sohalarning yetuk mutaxassislari boʻlishlari uchun nima qilish kerakligi haqida oʻz fikr-mulohazalarini oʻquvchilarga bildirib oʻtdilar. Ishtirokchilarning koʻplab savollariga javob berdilar. Litseyda aʼlo oʻqigan va olimpiada sovrindorlari boʻlgan oʻquvchilarga kitoblar sovgʻa qilindi. Bu litsey Respublikamizda koʻzga koʻringan va faqat hamdoʻstlik davlatlari ichida emas, jahonda oʻz oʻrniga ega boʻlgan litseylardan biridir.

Oxirgi 10 yilda ximiya fani boʻyicha jahon olimpiadalarida Respublikamizning barcha litsey va maktablari jami 5 ta medal olgan boʻlsa bu litsey oʻquvchilari 12 ta medal sohibi boʻlgan. Bularning 2 tasi oltin, 2 tasi kumush va 8 tasi bronza medallaridir. Jahon olimpiadasi rivojlangan mamlakatlarda utkazilgan, yaʼni AQSH, Shveysariya, Daniya, Singapur, Koreya, Rossiya, Turkiya, Chexiya, Slovakiya va boshqalar. Shu bilan bir qatorda oxirgi oʻn yilda Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida qatnashib, respublikamiz oʻquvchilari olgan 70 medalning 43 tasini shu litsey oʻquvchilari qoʻlga kiritgan.

2018 yil Litsey uchun omadli yil boʻlib, bu yilda Singapurda oʻtkazilgan jahon olimpiadasida 1 ta oltin 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini, Slovakiya va Chexiyada oʻtkazilgan olimpiadalarda 2 ta bronza, Minsk shahrida oʻtkazilgan Mendeleyev olimpiadasida 1 ta kumush 3 ta bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

Kelgusida Prezident maktablarining ochilishi bu litsey oʻquvchilariga raqobat tugʻdirishiga ishonamiz, chunki u maktablarda ham har bir viloyatda Respublikamizning gullari bilim olishadi, shuning uchun bu litsey oʻquvchilari oʻzlarining harakatlarini bundan ham kuchaytirishi kerak. Ayni paytda litsey oʻquvchilariga “Navroʻz” bayrami arafasida baxt-saodat va omad hamda kelgusida bundan ham katta yutuqlarga erishishini tilab qolamiz.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov